
So‘nggi bir necha yil ichida video intervyu shakli rivojlanmoqda va bu yangilik emas. Ayniqsa, jahon pandemiyasi sharoitida bunday HR vositasini tobora ko‘proq menejerlar tanlamoqda. Barcha turlar ichida video so‘rov shakli yetakchilik qilmoqda. Nega? Bu nomzodlarni oldindan saralashning samarali usuli bo‘lib, vaqt va masofa bilan bog‘liq qiyinchiliklarni bartaraf etishga yordam beradi.
Nega bu format siz – ish izlovchi sifatida ajoyib variant hisoblanadi? O‘ylab ko‘ring, orzuingizdagi lavozimga qancha odam da’vogarlik qilmoqda. Rezyume yoki hatto motivatsion xat sizni ulardan ajratib ko‘rsatishiga ishonchingiz komilmi? Bu sizning shaxsiyatingizni chuqurroq ko‘rsatadigan qo‘shimcha video-rezyume yaratish imkoniyatingizdir.
Bu turdagi video intervyuga qanday tayyorgarlik ko‘rish kerak?
Bu, albatta, hozir sizni eng ko‘p qiynayotgan savol bo‘lishi mumkin. Agar siz buni birinchi marta qilayotgan bo‘lsangiz, bu biroz noqulay tuyilishi mumkin.
Video intervyular asosan nomzod va kompaniya vakillarining vaqtini tejash maqsadida qulaydir. Shuningdek, kompaniyalar tobora ko‘proq nomzodlar uchun oldindan tayyorlangan savollar asosida saralashni amalda qo‘llamoqda. Nomzod esa o‘zining video javoblarini o‘zi uchun qulay bo‘lgan vaqtda yozib olib, kompaniyaga taqdim etishi mumkin.
Agar siz bunga ilgari duch kelgan bo‘lsangiz ham, har doim yaxshilanish uchun imkoniyat bor. Ushbu maqolada sizni video intervyu vaqtida o‘zingizni erkin his qilishingizga yordam beruvchi sakkizta foydali maslahat tayyorladik.
1. Kompaniya haqida tadqiqot qiling. Uning madaniyati, mahsuloti yoki xizmati va, albatta, u yerda ishlaydigan odamlar haqida imkon qadar ko‘proq ma’lumot olishga harakat qiling. Nega? Kompaniyaga siz mosmisiz va aksincha – buni tushunish uchun. Qanday qilib? Google orqali kerakli ma’lumotlarni izlang.
2. Sohani o‘rganing. Ishlamoqchi bo‘lgan sohangizdagi zamonaviy tendensiyalar va texnologiyalar bilan tanishing. Bu nafaqat sizning bilim va malakangizni, balki o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqingizni ham namoyon etadi. Bundan tashqari, video intervyuda soha bo‘yicha savollar berilishi ehtimoli mavjud.
3. Motivatsiyangizni aniqlang. “Nega bu ishni xohlaysiz?” savoli aksariyat nomzodlarga beriladigan savollardan biridir. Bu savolga javob topish sizga nafaqat yaxshi video javob yozishga, balki ichki motivatsiyangizni topishga ham yordam beradi.
4. O‘z qadriyatlaringizni anglang. Video so‘rovdan o‘tish – keyingi yuzma-yuz suhbat bosqichiga chiqish imkonidir. Bunday uslubdagi tanlov menejerlarga ham, sizga ham vaqtni tejaydi. Ular nega aynan siz bilan shaxsan gaplashishlari va oxir-oqibat ishga olishlari kerakligini ularga ko‘rsating.
5. Amaliyotga vaqt ajrating. Videoni yozib olishdan oldin o‘z hikoyangizni gapirishni mashq qilishga biroz vaqt ajratishni e’tiborsiz qoldirmang, ayniqsa siz bunga ilk marta duch kelsangiz. Buni yolg‘iz yoki do‘stlaringiz va qarindoshlaringiz bilan mashq qilishingiz mumkin. Ammo, javoblaringizni she’rdek yodlab aytishga hojat yo‘q, ish beruvchilar sizning haqiqiy yuzingizni ko‘rishni istaydilar.
6. Munosib kiyining. Birinchi taassurot qoldirish uchun boshqa imkon bo‘lmaydi va bu asosan tashqi ko‘rinishga bog‘liq. Mos keladigan kiyimlar sizning kompaniyaga va video so‘rovga bo‘lgan munosabatingizni ko‘rsatadi. Kiyim tanlashda diqqatli bo‘ling va o‘zingizni professionallik bilan namoyon qiling.
7. Qurilmangizni tekshiring. Videolarni yozib olish uchun sizga eng qulay qurilmani tanlang. Qurilma to‘liq zaryadlanganiga yoki quvvat manbaiga ulanganiga ishonch hosil qiling va, albatta, veb-kamera va audio sozlamalarini tekshiring. Shuningdek, kameraga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarashni unutmang – bu ko‘z bilan aloqa yaratadi.
8. Tana tilingizga e’tibor bering. Sizning holatingiz, harakatlaringiz, tabassumingiz va hatto bosh silkishingiz shaxsiy xususiyatlaringizni namoyish etadi. Menejerlar ayniqsa yetakchilik va jasoratga ega nomzodlarni qadrlashlari yaxshi ma’lum. Bu borada qo‘lingizdan kelgancha harakat qiling.
Bu sizning birinchi video intervyuingiz bo‘ladimi yoki ulardan biri bo‘ladimi – ushbu maqoladagi bir nechta kichik maslahatlar sizga eng yaxshi tarzda ishtirok etishingizga yordam beradi. Asosiysi, bunday intervyu oddiy bir qog‘ozdan ancha ko‘proq narsani namoyish etish imkoniyatidir. Bu imkoniyatdan to‘liq foydalaning.